Madridning «Real» klubi o‘ng qanot himoyachisi Trent Aleksander-Arnold Angliya terma jamoasining o‘tgan jahon chempionati uchun qaydnomasiga kiritilmaganini qanday qabul qilgani haqida gapirdi.
Angliyaliklar bosh murabbiyi Tomas Tuxel «qaymoqranglilar» vakilini musobaqa uchun tarkibga kiritmaslikka qaror qilgandi. Bu qaror jamoatchilik orasida ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
«Ochig‘ini aytsam, jahon chempionatiga borishdan juda umidvor edim. Menga qo‘ng‘iroq qilishganida Madriddagi uyimda edim. Suhbatdan so‘ng o‘zimni butunlay tushkun his qildim.
Jahon chempionatida ishtirok etishga umid qilganim uchun hatto yozgi ta’tilga hech qanday reja ham tuzmagandim.
Terma jamoaga chaqirilamanmi yoki yo‘qmi, faoliyatimni yakunlagunimga qadar doimo Angliya safida o‘ynashga tayyor bo‘laman. Mamlakatim sharafini himoya qilish men uchun eng katta faxr», — deya Trentning so‘zlarini Madrid Zone keltirdi.
Angliya terma jamoasi jahon chempionatining yarim finaliga qadar yetib bordi va unda Argentinaga mag‘lub bo‘ldi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda esa «uch sherlar» Fransiyadan ustun keldi.













