«Tottenxem» bosh murabbiyi Roberto De Zerbi Angliya Premyer-ligasining 1-turida «Brentford»dan uchralgan 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat uchun uzr so‘radi.
«Bizga jismoniy tayyorgarlik yetishmadi. Bu muammoga aylanishi mumkinligini oldindan bilardik. Pressingni boshlash uchun kerakli lahzani tanlashda juda ko‘p xato qildik va «Brentford» bilan tengma-teng kurashish uchun haddan tashqari ko‘p yakkakurashlarni boy berdik.
Buning uchun ham, mag‘lubiyat uchun ham uzr so‘rayman», — deya De Zerbining so‘zlarini Sky Sports keltirdi.
Italiyalik mutaxassis tarkibdagi katta o‘zgarishlardan keyin o‘zaro hamjihatlikni shakllantirish uchun «Tottenxem»ga vaqt kerakligini ta’kidladi.
«Jismoniy holatimiz va o‘yinni tashkil etishimizni yaxshilashimiz lozim. Tarkibimizda yangi futbolchilar ko‘p. Haqiqiy jamoaga aylanish uchun bizga xarakter va aniq o‘yin uslubi kerak.
Bugun xarakter bor edi, ammo yakkakurashlarda noto‘g‘ri harakat qildik».
De Zerbi «Tottenxem» yana Premyer-ligada jon saqlab qolish uchun kurashishi mumkinligi haqidagi taxminlarni rad etdi.
«Futbolchilarimga ishonaman va ularga bo‘lgan ishonchimni yo‘qotganim yo‘q. Biz ishlashimiz, uchrashuvni tahlil qilishimiz va o‘yinni yaxshilash yo‘llarini topishimiz kerak.
Shu paytgacha amalga oshirgan barcha ishlarimizni yo‘qqa chiqara olmaymiz. Ayrim futbolchilar, jumladan, Senesi va Bergvall mavsumga tayyorgarlikni kech boshladi. Ammo bahona qilishni istamayman.
Kurashish uchun to‘g‘ri kayfiyatni topishimiz zarur. Bunday natijani kutmagandim, garchi qanday muammolarga duch kelishimiz mumkinligini bilgan bo‘lsam ham», — deya xulosa qildi murabbiy.
«Tottenxem» 26 avgust kuni Angliya Liga kubogi doirasida «Charlton»ni qabul qiladi.













