«Lids» bosh murabbiyi Daniel Farke Angliya chempionatining 1-turida «Nottingem Forest» ustidan qozonilgan 1:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng fikrlarini bildirdi.
Farke yarim himoyachi Anton Shtaxning o‘yinini yuqori baholadi va jamoa asosiy e’tiborini APLda qolish vazifasiga qaratishi kerakligini ta’kidladi.
«Shtaxning harakatlaridan juda mamnunman. Bu yoz u uchun oson kechmadi. Avvaliga Germaniya terma jamoasiga chaqirilmadi, keyin esa o‘tgan mavsumning so‘nggi turida jarohat oldi. Mavsumoldi tayyorgarlik jarayoni ham qiyin o‘tdi.
U asosiy tarkibdagi o‘rniga munosib edi. Hal qiluvchi golni kiritsang, bu har doim yoqimli», — dedi Farke Sky Sports telekanaliga.
Germaniyalik mutaxassis jamoaning dastlabki muvaffaqiyatidan keyin erta xulosa chiqarmaslikka chaqirdi.
«Oldimizda hali uzoq yo‘l bor. Biz 40 ochko to‘plashimiz kerak va bu borada hech qanday xomxayolga berilmaymiz.
Ushbu klub so‘nggi marta yuqori divizionda ketma-ket ikki mavsum barqaror ishtirok etgan davrdan, ehtimol, faqat oq-qora suratlarni topa olarsiz.
Ularni smartfonlardan topa olmaysiz, chunki o‘sha paytda bunday qurilmalar hali ixtiro qilinmagandi. Shuning uchun kamtarlikni saqlaymiz, ortiqchaga ko‘z tikmaymiz va vaziyatga real baho beramiz.
Eng avvalo, Premyer-ligada mustahkam o‘rin egallash huquqini qo‘lga kiritishimiz kerakligini yaxshi bilamiz», — deya qo‘shimcha qildi Farke.
«Nottingem Forest» va «Lids» 25 avgust kuni yana o‘zaro uchrashadi. Bu safar jamoalar Angliya Liga kubogi doirasida maydonga tushadi.













