«Jenoa» bosh murabbiyi Daniele De Rossi «Napoli»ga qarshi uchrashuv yakunlarini izohladi. Genuyaliklar ikkinchi bo‘limda ikkita gol o‘tkazib yubordi va 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Bahsdan keyin De Rossi ko‘nglidagi barcha fikrni ochiq aytishga tayyor emasligini bildirdi.
«Bugungi o‘yin haqida aslida nima deb o‘ylayotganimni aytgim kelmaydi. Menimcha, sukut saqlaganim ma’qul. Bu mag‘lubiyat o‘tgan yilgidan ham og‘riqliroq.
Biz boshqa stadionlarda ochko to‘playmiz. Yigitlarimga nisbatan qattiqqo‘l bo‘la olmayman. Dastlabki 50 daqiqa davomida «Napoli»ga qarshi juda yaxshi harakat qildik.
Keyin esa... «Napoli» — buyuk jamoa. Ularning ustunlikni qo‘lga kiritishi tabiiy hol», — deya De Rossining so‘zlarini calcionapoli1926.it keltirdi.
Eslatib o‘tamiz, «Jenoa» o‘tgan mavsumni chempionat turnir jadvalida 16-o‘rinda yakunlagandi.













