«Inter Mayami» MLS muntazam chempionati doirasida o‘z maydonida «Toronto»ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
59-daqiqada «Toronto» hujumchisi Joshua Sarjent hisobni ochdi. Oradan uch daqiqa o‘tib, mehmonlar forvardi Derrik Etyen jamoasining ikkinchi golini kiritdi.
83-daqiqada mezbonlar hujumchisi Lionel Messi hisobdagi farqni qisqartirdi va bahsning yakuniy natijasini o‘rnatdi — 1:2.
Messi ketma-ket ikkinchi uchrashuvda samarali harakat qayd etdi. U avvalgi bahsda «Neshvill»ga qarshi o‘yinda golli uzatmani amalga oshirgandi. O‘sha uchrashuv «Inter Mayami»ning 1:4 hisobidagi mag‘lubiyati bilan yakunlangan.
«Inter Mayami» 21 ta uchrashuvdan keyin 39 ochko bilan MLS Sharqiy konferensiyasi turnir jadvalida 2-o‘rinni egallab turibdi. 24 ochkoga ega «Toronto» esa 10-pog‘onada joylashgan.













