"Aston Villa" bosh murabbiyi Unai Emeri Angliya Premyer-ligasining 1-turida "Brayton"dan 0:4 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin hujumchi Olli Uotkinsning kelajagi haqidagi savolga noaniq javob berdi.
Uotkins uchrashuv qaydnomasiga kiritilmadi va jamoa bilan safarga ham bormadi. Hujumchi yozgi tanaffusdan keyin faqat shu hafta mashg‘ulotlarga qaytgan. Biroq uning o‘yinda qatnashmagani Saudiya Arabistonining "Al-Hilol" klubi tomonidan bildirilayotgan qiziqish bilan ham bog‘lanmoqda.
O‘yindan keyin Emeridan Uotkinsning yo‘qligi uning jismoniy holati bilan bog‘liqmi yoki ehtimoliy transfer sababmi, deb so‘rashdi.
"Bu savolni uning o‘ziga bering. Unga qo‘ng‘iroq qilib, so‘rashingiz mumkinmi? O‘zidan so‘rang. Men esa bu savolga faqat sukut bilan javob bera olaman", — dedi Emeri.
Ispaniyalik mutaxassis yirik mag‘lubiyatga qaramay, futbolchilarining harakatlarini ijobiy baholadi.
"Bu yerda bo‘lgan futbolchilar o‘zlarining jamoaga sodiqligini ko‘rsatishdi. Bu juda yaxshi. Biz aynan shunday harakat qilishimiz kerak. Ha, mag‘lub bo‘ldik, ammo bunday vaziyatlarga munosabatimiz aynan shunday bo‘lishi lozim.
Biz bunday holatlarni avval ham boshdan kechirganmiz. To‘rt yil ichida turli vaziyatlarda, ehtimol, besh marta shunday bo‘lgan. Ammo har safar oldinga harakat qilishda davom etdik. Mening vazifam — vaziyatni tahlil qilish va undan chiqish yo‘llarini topish.
Transfer oynasi yopilishiga 10 kun qoldi. Biz ham transferlar, ham hozirgi tarkibimizdagi futbolchilar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha yechim topishimiz kerak. Hozir shuning ustida ishlayapmiz.
Biz bunday vaziyatlardan har doim chiqib ketganmiz va yana o‘zimizni tiklay olganmiz. Bu safar ham shunday bo‘lishiga ishonaman", — dedi Emeri.
"Aston Villa" APL 2-turida 31 avgust kuni "Arsenal"ga qarshi maydonga tushadi.













