Angliya Premyer-ligasi 1-turida «Nyukasl» va «Liverpul» o‘rtasidagi uchrashuv 2:2 hisobida yakunlandi. Mersisaydliklar o‘yin oxirida penaltidan gol urib, mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.
«Liverpul»ga bir ochko keltirgan golni Dominik Soboslai qo‘shib berilgan daqiqalarda penaltidan kiritdi.
Shu tariqa, «Nyukasl»ning «qizillar»ga qarshi APLdagi g‘alabasiz seriyasi davom etdi. «Qarg‘alar» chempionat doirasida «Liverpul»ni so‘nggi marta 2015 yil 6 dekabrda mag‘lub etgandi. O‘shanda Stiv Maklaren jamoasi «Sent-Jeyms Park»da Yurgen Klopp boshchiligidagi raqibini 2:0 hisobida yenggan.
Shundan keyin jamoalar APLda 20 marta to‘qnash kelib, «Liverpul» 14 ta uchrashuvda g‘alaba qozondi, yana 6 ta bahs durang bilan tugadi.
«Nyukasl» so‘nggi o‘n yil ichida mersisaydliklar ustidan yagona g‘alabasini boshqa musobaqada qo‘lga kiritgan. 2025 yil 16 mart kuni Angliya Liga kubogi finalida «qarg‘alar» «Liverpul»ni 2:1 hisobida mag‘lub etib, sovringa ega chiqqandi.













