Diyego Maradona 1986 yilgi jahon chempionatida Angliya darvozasiga mashhur «Xudoning qo‘li» golini urgan futbol to‘pi auksionda 3,35 mln dollarga sotildi. Bu haqda GOAL xabar berdi.
Argentina va Angliya o‘rtasidagi chorak final uchrashuvida (2:1) ishlatilgan to‘p 22 avgust kuni Heritage Auctions savdosiga qo‘yilgan. Auksiondagi boshlang‘ich narx 2,5 mln dollarni tashkil etgan.
Aynan shu to‘p bilan Maradona uchrashuvda hisobni qo‘li bilan kiritilgan mashhur gol orqali ochgan. Oradan to‘rt daqiqa o‘tib argentinalik afsona bir nechta raqibni ortda qoldirib, futbol tarixidagi eng mashhur gollardan yana birini urgan.
Lot dastlab 10 mln dollargacha baholangan edi. Biroq yakuniy narx Maradonaning o‘sha uchrashuvda kiygan futbolkasi rekordiga yeta olmadi. Ushbu libos 2022 yilda qariyb 9,3 mln dollarga sotilgan.
Mazkur to‘p 2022 yilda ham auksionga chiqarilib, 2,37 mln dollarga sotilgan edi. 2023 yilgi navbatdagi savdoda esa 2,04 mln dollarlik taklif belgilangan minimal narxga yetmagani sababli bitim amalga oshmagan.













