Avstraliyada bukmekerlik va boshqa qimor kompaniyalarining logotiplarini professional sport jamoalari formalariga joylashtirish taqiqlanadi. Biroq amaldagi homiylik shartnomalari uchun besh yillik o‘tish davri belgilangan va ayrim kelishuvlar 2031 yil oxirigacha amal qilishi mumkin.
Bu muddat siyosatchilar va jamoat salomatligi bo‘yicha mutaxassislarning tanqidiga sabab bo‘ldi. Ularning fikricha, bunday uzoq o‘tish davri bolalar va yosh muxlislarning yana bir necha yil davomida qimor kompaniyalari reklamasiga duch kelishini anglatadi.
Avstraliya kommunikasiyalar vaziri Anika Uells hukumat klublar bukmekerlik kompaniyalari bilan shartnomalarni imkon qadar ertaroq bekor qilishidan umidvor ekanini aytdi. Biroq amaldagi tijoriy kelishuvlar bo‘yicha yakuniy qarorni klublarning o‘zi qabul qiladi.
Shuningdek, islohotlar doirasida qimor reklamasidan voz kechish bo‘yicha milliy reestr tashkil etiladi. Unga ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar turli onlayn platformalarda bukmekerlik va boshqa qimor reklamalarini bloklash imkoniyatiga ega bo‘ladi.













