«Barselona» himoyachisi Alexandro Balde klubdagi kelajagi borasida ilk bor jiddiy o‘ylay boshladi. COPE nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, 22 yoshli futbolchi bosh murabbiy Xansi Flikning qarorlaridan so‘ng jamoadagi o‘z o‘rni va istiqboli bo‘yicha noaniqlikdan tashvishga tushgan.
Balde La Liganing 2-turi doirasida «Elche»ga qarshi o‘tkazilgan va kataloniyaliklarning 5:0 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuv qaydnomasiga kiritilmadi. Futbolchiga yaqin manbalar bu holatni uning jamoani tark etishi mumkinligidan darak beruvchi signal sifatida baholamoqda.
Himoyachiga allaqachon boshqa klublardan takliflar kelib tushgan bo‘lib, ular orasida eng aniq qiziqishni «Manchester Yunayted» ko‘rsatmoqda. Biroq Balde «Barselona» rahbariyati va murabbiylar shtabi bilan gaplashib, vaziyatga oydinlik kiritmagunicha transfer bo‘yicha hech qanday qarorga kelmaslikni niyat qilgan. Hozircha u mashg‘ulotlarni oddiy rejimda davom ettirmoqda.













