«Bavariya»ning 31 yoshli yarim himoyachisi Joau Palinya «Benfika»ga o‘tishidan oldin tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu haqda Record nashri xabar bermoqda.
Tibbiy ko‘rik dushanba kuni ertalab Lissabon shahrida bo‘lib o‘tdi. Myunxen klubi futbolchiga transfer bilan bog‘liq rasmiy ishlarni yakunlab qo‘yish uchun Portugaliya poytaxtida qolishga ruxsat bergan. Manbaning ma’lum qilishicha, «Benfika» portugaliyalik futbolchining transferi haqida chorshanba kuni rasman e’lon qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Palinya o‘tgan mavsumni ijara asosida «Tottenxem» safida o‘tkazib, 45 ta o‘yinda 7 ta gol urgan va 3 ta golli uzatmani amalga oshirgan edi.













