«Tottenxem» Kodi Gakpo transferi ustida ishlashda davom etmoqda.
Soccernews.nl ma’lumotiga ko‘ra, London klubi yaqinda niderlandiyalik vinger uchun 60 million funtlik rasmiy taklif bilan chiqqan, ammo «Liverpul» uni rad etgan. Shunga qaramay, «shporlar» futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish niyatidan qaytmagan va yangi taklif tayyorlamoqda. «Tottenxem» bosh murabbiyi Roberto De Dzerbi 27 yoshli vingerning transferini amalga oshirishni qat’iy istamoqda.
«Liverpul» Gakponi faqat yangi taklif moliyaviy jihatdan ancha jozibador bo‘lgan taqdirdagina sotishi mumkin. Bundan tashqari, mersisaydliklar niderlandiyalik futbolchi bilan xayrlashishdan avval hujum chizig‘iga yana bir yangi o‘yinchi olib kelishni istamoqda.
Qayd etilishicha, Kodi Gakpo uchun kurashga «Manchester Siti» ham qo‘shilgan. «Shaharliklar» futbolchi tomoniga o‘z qiziqishlari haqida ma’lum qilgan, ammo hozircha «Liverpul» bilan bog‘lanmagan. Fabrisio Romano ham ushbu ma’lumotni tasdiqlagan.
Shu bilan birga, «Manchester Siti»da, «Tottenxem»dan farqli ravishda, Gakpoga asosiy tarkibdan kafolatlangan joy ajratish rejalashtirilmayapti. Manchesterliklar uni tarkibdagi raqobat va variantlarni ko‘paytirish maqsadida transfer qilishi mumkin.













