"Aston Villa" hujumchisi Olli Uotkins jamoa mashg‘ulotlariga qaytdi va "Brayton"ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgani uchun jamoadoshlaridan uzr so‘radi.
30 yoshli angliyalik futbolchi APL 1-turidan o‘rin olgan "Brayton"ga qarshi bahsda "Aston Villa" qaydnomasiga kiritilmagandi. Uchrashuv birmingemliklarning 0:4 hisobidagi mag‘lubiyati bilan yakunlandi.
The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, Uotkins mavsumdagi ilk o‘yinga qadar jamoa bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etmagan va Saudiya Arabistonining "Al-Hilol" klubiga o‘tish istagini bildirgan. Saudiya klubi hujumchini sotib olish uchun to‘rt marta taklif yuborgan.
Biroq dushanba kuni Uotkins "Aston Villa" mashg‘ulotlariga qaytdi va o‘tkazib yuborgan uchrashuvi uchun jamoadoshlaridan uzr so‘radi.
Hozircha futbolchining jamoada qolishi aniq emas. "Aston Villa" Uotkinsni saqlab qolish niyatida va unga 2030 yilgacha mo‘ljallangan yangi shartnoma taklif qilmoqda.













