"Barselona" himoyachisi Alexandro Balde yozgi transfer oynasi yopilguniga qadar jamoani tark etishga qaror qildi.
MARCA ma’lumotiga ko‘ra, 22 yoshli futbolchi avvalroq Kataloniya klubida qolib, asosiy tarkibdagi o‘rin uchun kurashmoqchi edi. Biroq so‘nggi kunlardagi voqealar uning fikrini o‘zgartirgan.
Baldening qaroriga ta’sir qilgan asosiy omillardan biri Joau Kanseluning "Barselona"ga qaytishi bo‘lgan. Portugaliyalik futbolchi 20-avgust kuni erkin agent sifatida kataloniyaliklar bilan 2029-yilgacha shartnoma imzoladi. Kanselu har ikki qanotda o‘ynay oladi va chap qanotda ham Baldega raqobatchi hisoblanadi.
Bundan tashqari, Ispaniya chempionatining "Elche"ga qarshi birinchi tur uchrashuvida Balde qaydnomaga ham kiritilmadi. Xansi Flik o‘yindan oldin har bir futbolchi o‘z pozisiyasi uchun kurashishga to‘liq tayyor va jamoa maqsadlariga "100 foiz sodiq" bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi. "Barselona" o‘sha bahsda 5:0 hisobida g‘alaba qozondi, chap qanot himoyasida esa La Masiya tarbiyalanuvchisi Xavi Espart harakat qildi.
So‘nggi muzokaralardan keyin Balde yangi jamoa izlashga rozilik bergan. Futbolchining agenti Jorje Mendesh va "Barselona" sport direktori Deku transfer oynasi yakunlanguniga qadar unga munosib variant topish ustida ishlamoqda.
Himoyachiga asosiy da’vogarlardan biri "Manchester Yunayted" bo‘lib turibdi. Angliya klubi yoz davomida chap qanot himoyasini kuchaytirish variantlarini o‘rganib kelgan va Balde uning ro‘yxatiga kiritilgan. Biroq transfer oynasining so‘nggi qismidagi xarajatlar sabab "Yunayted" futbolchini to‘liq sotib olishdan ko‘ra ijaraga olish variantini ma’qul ko‘rmoqda.
"Barselona" esa Baldeni doimiy transfer asosida sotishni afzal ko‘radi. Ayrim manbalar kataloniyaliklar futbolchini taxminan 45 mln yevroga baholayotganini xabar qilgan. Shu bilan birga, transfer oynasi yopilishiga vaqt kam qolgani sabab klub ijara bo‘yicha taklifni ham ko‘rib chiqishi mumkin.
Balde "Barselona" akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va asosiy jamoada 2021 yildan beri o‘ynab keladi.













