"Real" vinger Yan Diomandeni rasman tanishtirish marosimini o‘tkazdi.
Kot-d’Ivuar terma jamoasi futbolchisi 6 avgust kuni "Leypsig"dan 125+15 million yevroga xarid qilingan edi. 19 yoshli hujumchi "Real" safida debyut qilishga ham ulgurdi — u La Liganing 2-turida "Espanyol"ga qarshi o‘yinda (2:1) zaxiradan maydonga tushdi.
Bugun "Real" prezidenti Florentino Peres futbolchini klubning majlislar zalida kutib oldi va Diomande shu yerda shartnomani imzoladi.
Shundan so‘ng unga "Santyago Bernabeu" stadionining maketi, soat va o‘z ismi hamda 25-raqami tushirilgan futbolka taqdim etildi. Marosimda klubning faxriy prezidenti Pirri ham ishtirok etdi.
"Bu barcha sovrinlarni yaqindan ko‘rganingda, ularni televizor orqali tomosha qilishdan mutlaqo boshqacha his tug‘iladi. Darhol hech bo‘lmasa bittasini yutish istagi paydo bo‘ladi... Chempionlar ligasini, masalan. Nega buni shu yilning o‘zida boshlamasligimiz kerak?
Bu futbolchilar bilan bir jamoada bo‘lish — aql bovar qilmas tuyg‘u. Bizda dunyoning eng yaxshi murabbiyi — Joze Mourinyo bor", — deya Diomandening klub televideniyesiga aytgan so‘zlarini As nashri keltirmoqda.













