«Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Brunu Fernandesh Angliya professional futbolchilar assosiasiyasi (PFA) talqiniga ko‘ra, 2025/26 mavsum Premyer-liganing eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Ovoz berish jarayonida portugaliyalik futbolchi «Manchester Siti» vakillari Rayan Sherki va Erling Xolandni, shuningdek, «Arsenal» futbolchilari Gabriel Magalyaes, David Rayya va Deklan Raysni ortda qoldirdi.
Avvalroq Fernandesh Premyer-liga hamda Angliya futbol jurnalistlari assosiasiyasi talqiniga ko‘ra ham mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etilgan edi. Shu tariqa, u mavsum yakunlari bo‘yicha uchta nufuzli shaxsiy sovrinni qo‘lga kiritdi.
Fernandesh 2025/26 mavsumda Premyer-ligada 35 ta o‘yin o‘tkazib, 9 ta gol urdi va 21 ta golli uzatma amalga oshirdi. Ushbu natija bilan u musobaqada assistlar bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi.
Shuningdek, Fernandesh Krishtianu Ronaldudan keyin PFAning mazkur mukofotini qo‘lga kiritgan ikkinchi portugaliyalik futbolchi bo‘ldi. Ronaldu bu sovrinni 2006/07 va 2007/08 mavsumlarida qo‘lga kiritgan.













