"Lion" bosh murabbiyi Paulu Fonseka Chempionlar ligasi saralash bosqichi pley-offining javob uchrashuvida "Fenerbaxche"dan 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lganidan keyin hech qachon taslim bo‘lmasligini ta’kidladi.
"Hozir menda turli hissiyotlar aralashib ketgan. Keyingi bosqichga chiqishni xohlaganimiz uchun xafamiz, muxlislarimiz ham bunga munosib edi. Ammo biz tarkibida bir nechta juda kuchli futbolchilari bor yaxshi jamoaga qarshi o‘ynadik. Shunga qaramay, biz yaxshi o‘ynadik, deb o‘ylayman.
"Lion" xavfli vaziyatlar yaratdi. Qisqa vaqt ichida ikki gol o‘tkazib yuborganimiz achinarli. Lekin bizda aniq golli imkoniyatlar bo‘ldi va futbolchilar so‘nggi daqiqagacha kurashdi.
Pozitiv kayfiyatni saqlab qolishi kerak bo‘lgan birinchi inson men bo‘lishim shart. Salbiy jihatlar bor, ammo ijobiy tomonlar ham juda ko‘p. Biz kuchli raqibga qarshi o‘ynadik va, albatta, Chempionlar ligasida ishtirok etishni istardik. Ammo vaziyatga kengroq nuqtai nazardan qarashim kerak.
Ertaga yangi kun boshlanadi. Tushkunlikka tushish uchun vaqtimiz yo‘q. Murabbiylik hayoti shunday. Men o‘z ishimni yaxshi ko‘raman va hech qachon taslim bo‘lmayman", — dedi Fonseka. Uning so‘zlarini UEFA rasmiy sayti keltirdi.













