Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/08 00:00 Valensiya 0-1 Betis
26/08 19:00 Lokomotiv 4-1 Bunyodkor
26/08 19:00 Mash’al 0-2 Navbahor
26/08 20:00 Qizilqum 1-0 Nasaf
27/08 00:00 Real Madrid 4-1 Real Sosyedad
28/08 00:00 Barselona - Atletik Bilbao

Oston O‘runov “Persepolis” murabbiyi bilan ziddiyat sabab jamoani tark etishi mumkin

Oston O‘runov “Persepolis” murabbiyi bilan ziddiyat sabab jamoani tark etishi mumkin

Baho:
+ | -

Eronning “Persepolis” klubida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Oston O‘runov hamda jamoaning yangi bosh murabbiyi Mehdi Tartar o‘rtasida o‘zaro tushunmovchilik yuzaga kelgani xabar qilinmoqda. Eron nashrlariga ko‘ra, ushbu holat sababli futbolchi qishki transfer oynasida jamoani tark etishi mumkin.

Muxlislar tomonidan so‘nggi yillarda Eron chempionatiga kelgan eng yaxshi legionerlardan biri sifatida e’tirof etiladigan O‘runov o‘tgan mavsumda “Persepolis”ning chempionligiga katta hissa qo‘shgan edi. Biroq keyinchalik olingan jarohatlar uning o‘yin amaliyotiga ta’sir ko‘rsatdi.

Yangi mavsum oldidan jamoa boshqaruviga kelgan Mehdi Tartar o‘zbekistonlik vingerning o‘yin uslubiga yetarlicha ishonch bildirmayotgani aytilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, murabbiy va futbolchining taktik talablar bo‘yicha qarashlari turlicha bo‘lib, buning oqibatida O‘runov asosiy tarkibdagi joyini yo‘qotgan. Nashrlardan birining yozishicha, Tartar O‘runovdan maydonda muayyan vazifalarni bajarishni talab qilmoqda, biroq vinger buni to‘liq oqlay olmayapti.

Manbalarning ta’kidlashicha, “Istiqlol Huziston”ga qarshi o‘yindan so‘ng murabbiy va o‘yinchi o‘rtasida umuman muloqot bo‘lmagan. Jamoa sardori Muhammadhusayn Kananizadegon vaziyatni yumshatishga urinib, O‘runovdan sabrli bo‘lishni so‘ragan. Ammo o‘zining jismoniy holatini yaxshi baholayotgan futbolchi zaxirada qoldirilayotganini o‘ziga nisbatan nohaqlik deb hisoblamoqda. Muammo to‘liq hal etilmaguncha, uning asosiy tarkibga qaytishi so‘roq ostida qolmoqda.

Mazkur vaziyat Eron chempionatining so‘nggi turida Tabrizning “Traktor” jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda (0:1) yanada yaqqol ko‘zga tashlandi. Mavsumni ikkita g‘alaba bilan boshlagan tehronliklar bu safar mag‘lubiyatga uchradi.

Ushbu bahsda Mehdi Tartar Oston O‘runovni ham, jamoaning yana bir o‘zbekistonlik hujumchisi Igor Sergeevni ham maydonga tushirmadi. Qayd etish lozimki, O‘runov joriy mavsumning dastlabki 3 ta o‘yinida biror marta ham asosiy tarkibda maydonga tushmagan.

Muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda murabbiyni o‘zbekistonlik legionerlardan foydalanmagani uchun tanqid qilgan. Tartar esa o‘yindan keyingi matbuot anjumanida buni quyidagicha izohladi:

“Sergeev va O‘runovning maydonga tushmagani — bu texnik qaror. Barcha chiziqlarda yaxshi o‘yinchilarimiz bor va kim maydonga tushishini murabbiylar shtabi hal qiladi”.

Vujudga kelgan ushbu holat fonida “Persepolis”ning raqiblaridan biri bo‘lgan “Traktor” klubi vaziyatni kuzatib bormoqda. Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, tabrizliklar qishki transferlar oynasida Oston O‘runovni o‘z safiga qo‘shib olish niyatida. Hozircha vaziyat qanday rivojlanishi va Mehdi Tartar keyingi turlarda O‘runovga imkoniyat berish-bermasligi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Manba: www.daryo.uz
Kiritildi: 14:42, 27.08.2026.
O'qildi: 582 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик