Argentina terma jamoasi hujumchisi Xulian Alvares va Madridning «Atletiko» klubi uchun Londonning «Arsenal»iga transfer futbolchi atrofidagi murakkab vaziyatdan chiqish yo‘li bo‘lishi mumkin. Bu haqda Ispaniyaning AS nashri yozmoqda.
Yoz davomida Alvares «Barselona»ga o‘tishga harakat qildi. Biroq «Atletiko» Ispaniya chempionatidagi raqibiga o‘zining eng yaxshi futbolchilaridan birini berishdan bosh tortib, 100 million yevrolik taklifni rad etdi.
23 avgust kuni argentinalik hujumchi «Atletiko»ning o‘z maydonida «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinida zaxiradan maydonga tushdi va Madrid muxlislari tomonidan qattiq hushtakbozlik bilan kutib olindi.
Joriy haftada u sog‘lig‘idagi muammolarni sabab qilib, ketma-ket ikki kungi mashg‘ulotni o‘tkazib yubordi.
Nashr jurnalistlarining fikricha, bunday vaziyatda «Atletiko» transfer oynasi yopilishidan oldin Alvaresni Londonning «Arsenal» klubiga Shvesiya terma jamoasi hujumchisi Viktor Dyokereshga almashtirishi mumkin.
«Kanonirlar» o‘tgan yili ham argentinalik futbolchini sotib olishga uringan, ammo o‘shanda rad javobini olgan.













