«Atletiko» hujumchisi Xulian Alvares «Arsenal»ga o‘tish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqa boshlagan.
Avvalroq Argentina terma jamoasi bilan jahon chempioni bo‘lgan forvard «Barselona»ga o‘tishni istagani xabar qilingan edi. Biroq madridliklar 26 yoshli futbolchini Kataloniya klubiga sotmasligini rasman ma’lum qildi.
«Muzokaralar bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Futbolchi bu qarorni tushunib, bor kuchini ishga solishda davom etadi, deb ishonamiz», — deyilgan «Atletiko» bayonotida.
Shu bilan birga, Madrid klubi Alvaresni «Arsenal»ga 120 million funtdan ortiq mablag‘ evaziga sotish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor.
The Independent ma’lumotiga ko‘ra, londonliklarning sabr-toqati va transfer strategiyasi ularga bu bitimni amalga oshirish imkonini berishi mumkin. Ilgari «Atletiko»da ishlagan «Arsenal» sport direktori Andrea Berta ushbu transferni faol ilgari surmoqda. Bunga jamoa bosh murabbiyi Mikel Arteta ham qiziqish bildirgan.
Arteta Alvaresni «Arsenal»ga yetishmayotgan muhim bo‘lak sifatida ko‘rmoqda. Qayd etilishicha, vositachilar futbolchiga ispaniyalik mutaxassis unga hujumda eng qulay pozisiyani berishga tayyor ekanini yetkazgan.
Shuningdek, Alvaresga uning kelishi jamoaning umumiy saviyasini oshirishi va Chempionlar ligasida g‘olib chiqish imkoniyatini kuchaytirishi mumkinligi ta’kidlangan.
Manbaga ko‘ra, Alvaresning o‘zi ham endi «Arsenal»ga o‘tish haqida o‘ylay boshlagan.
Kutilishicha, «Atletiko» argentinalik forvard uchun 150 million yevro talab qiladi. «Arsenal» esa ehtimoliy kelishuvga hujumchi Viktor Dyokereshni ham qo‘shishi mumkin.













