«Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik La Liganing «Atletik» Bilbaoga qarshi 2:0 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan uchrashuvida jamoasining namoyish etgan o‘yini haqida fikr bildirdi.
Kataloniyaliklar har ikki bo‘limda bittadan gol urdi: 37-daqiqada Rafinya Diash hisobni ochgan bo‘lsa, 82-daqiqada Fermin Lopes yakuniy natijani o‘rnatdi.
«Har doim o‘z darvozangdan gol o‘tkazib yubormasdan o‘ynash muhim, ammo gol urish ham undan kam ahamiyatga ega emas. Bugun bizda ko‘plab imkoniyatlar bo‘ldi, jamoadan mamnunman. To‘pni yaxshiroq nazorat qilishni o‘rganishimiz kerak.
Men alohida futbolchilar haqida gapirishni yoqtirmayman. Menga jamoaviy o‘yinimiz yoqdi. Hisob yanada yirikroq bo‘lishi mumkin edi, ammo bizga kuchli raqib qarshi turdi. Umuman olganda, o‘yinni to‘liq nazorat qildik va ajoyib ko‘rinishda bo‘ldik. Uchrashuv oxirida charchoq sezildi, ammo bu tabiiy hol», — deya Flikning so‘zlarini BarcaTimes keltirdi.
«Barselona» 6 ochko va 7:0 to‘plar nisbati bilan La Liga jadvalida peshqadamlik qilmoqda.













