«Fenerbaxche» himoyachisi Jeyden Ostervoldening «Roma»ga transferi amalga oshmaydi. Insayder Fabrisio Romanoning xabar berishicha, futbolchi Rimda qo‘shimcha tibbiy ko‘riklardan o‘tgach, kelishuv bekor qilingan va u Turkiya klubiga qaytmoqda.
25 yoshli niderlandiyalik futbolchi 25 avgust kuni Rimga yetib kelgan va transferni yakunlashdan oldin tibbiy tekshiruvdan o‘tgan edi. Dastlab «Roma» va «Fenerbaxche» ijara hamda keyinchalik futbolchini sotib olish imkoniyatini nazarda tutuvchi kelishuvga erishgan.
Italiya matbuotiga ko‘ra, tibbiy ko‘rik Ostervoldening jarohati dastlab kutilganidan jiddiyroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan. «La Gazetta Dello Sport» futbolchida mushak va pay bilan bog‘liq muammo aniqlangani, hatto jarrohlik amaliyoti talab qilinishi ehtimoli borligini yozmoqda. Shu sabab «Roma» transfer shartlarini o‘zgartirishga uringan, ammo «Fenerbaxche» yangi taklifni qabul qilmagan.
Ostervolde 2023 yil yanvaridan buyon «Fenerbaxche» sharafini himoya qilib keladi. U chap qanot himoyachisi sifatida harakat qilishi bilan birga, markaziy himoyada ham o‘ynay oladi. Endi futbolchi Istanbul klubiga qaytib, tiklanish jarayonini davom ettirishi kutilmoqda.













