«Monako» Meksikaning «Krus Asul» klubi tayanch yarim himoyachisi Erik Lira transferi bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishdi. Insayder Fabrisio Romano ma’lumotiga ko‘ra, kelishuv yakunlanish arafasida.
«Monako» 25 yoshli futbolchi uchun «Krus Asul»ga 8 million yevro to‘laydi. Yana 3 million yevro bonuslar ko‘rinishida nazarda tutilgan. Shuningdek, Meksika klubi Liraning keyingi transferidan tushadigan mablag‘ning 20 foizini oladi.
Hozircha bitimni rasmiylashtirish uchun bitta masala qolgan. «Monako» jamoa qaydnomasida qo‘shimcha o‘rin bo‘shatishi kerak. Shundan so‘ng tomonlar hujjatlarni rasmiylashtirish va shartnomani imzolash jarayoniga o‘tadi.
Erik Lira «Krus Asul» safida 200 dan ortiq uchrashuvda maydonga tushgan. Shuningdek, u Meksika milliy terma jamoasi tarkibida 29 ta o‘yin o‘tkazgan.













