«Nottingem Forest» «Everton» yarim himoyachisi Xarrison Armstrong uchun 46,6 million yevro miqdorida taklif tayyorlamoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
«O‘rmonchilar» 19 yoshli futbolchining transferi bo‘yicha kelishuvga erishishga umid qilmoqda. Ehtimoliy bitimga Armstrong kelajakda boshqa klubga sotilsa, «Everton»ga transfer summasidan ma’lum foiz to‘lash bandi ham kiritilishi mumkin.
«Everton» rahbariyati esa hozircha o‘zining yosh iqtidori bilan xayrlashishga tayyor yoki tayyor emasligi borasida yakuniy qaror qabul qilmagan.
Armstrong «Everton» akademiyasining eng istiqbolli tarbiyalanuvchilaridan biri hisoblanadi. U asosiy jamoa safida 23 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Yaqinda «Kristal Pelas»ga qarshi 2:0 hisobida g‘alaba qozonilgan bahsni ham asosiy tarkibda boshlagan.
Qayd etilishicha, Armstrongning klubni tark etishi «Everton» muxlislari orasida jiddiy norozilikka sabab bo‘lishi mumkin.













