«Atletiko» bosh murabbiyi Diyego Simeone hujumchi Xulian Alvaresning hozirgi holati haqida fikr bildirdi.
26 yoshli argentinalik futbolchi ruhiy holati bilan bog‘liq muammolar sabab La Liganing «Sevilya»ga qarshi 3:1 hisobida yakunlangan uchrashuvi qaydnomasiga kiritilmadi.
Ma’lum bo‘lishicha, Alvares «Barselona»ga o‘tishni istamoqda, biroq «Atletiko» futbolchini to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchisiga sotish niyatida emas.
«U shaxsiy qiyinchiliklarga duch keldi. Ammo yana bir bor aytaman: sport bilan bog‘liq barcha masalalarda unga yordam beramiz. U ham bizga yordam beradi, chunki Xulian — juda yuqori saviyali futbolchi.
Transferlar? Har qanday holat yuz berishi mumkin. Buni Alvares bilan bog‘liq vaziyat tufayli aytayotganim yo‘q. Futbolda hamma narsa bo‘ladi, ammo hozir biror aniq holatni nazarda tutmayapman», — deya Simeonening so‘zlarini keltiradi Atletico Universe.
Mish-mishlarga ko‘ra, madridliklar Xulian Alvaresni «Arsenal»ga 150 million yevro evaziga sotishga tayyor. Biroq futbolchining o‘zi Angliyaga qaytishni istamayapti.













