Hujumchi Xulian Alvares Madridning «Atletiko» klubi umumiy guruhdagi mashg‘ulotlariga qaytdi. Bu haqda Ispaniyaning Diario AS gazetasi xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, argentinalik forvard o‘zini yomon his qilayotganini bildirib, bir necha kunlik mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborgan edi. Biroq Alvares «Barselona»ga transferni amalga oshirish maqsadida boykot e’lon qilgani taxmin qilingan. Shunga qaramay, «Atletiko» rahbariyati uni jamoadan qo‘yib yubormadi.
Manba «matraschilar» mashg‘ulotidan Alvares ishtirokini ko‘rish mumkin bo‘lgan qisqa videolavhani ham e’lon qildi.
Alvares La Liganing uchinchi turida «Sevilya»ga qarshi (3:1) uchrashuvni o‘tkazib yubordi. Yangi mavsumda u hozircha faqat bir o‘yinda maydonga tushib, gol yoki golli uzatma qayd etmagan.













