Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyo jamoadan butun mavsum davomida ideal natijalar kutish kerak emasligini ta’kidladi.
«Qaymoqranglilar» «Malaga»ni 4:0 hisobida ishonchli mag‘lub etib, La Ligada uch turdan so‘ng 9 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qildi.
«Oldinda hali qiyin davrlar bo‘ladi: biz mag‘lubiyatga uchraymiz, jarohatlardan aziyat chekamiz, sizlarning tanqidlaringiz o‘rinli bo‘ladi, muxlislar bizni xushtakbozlik bilan kuzatishi mumkin. Bularning barchasi sodir bo‘lishini bilaman. Ana shunday paytda biz matonat ko‘rsatishimiz, kurashishda davom etishimiz va qiyin davr butun mavsumimizni barbod qilishga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», — dedi Mourinyo matbuot anjumanida.
4 sentyabr kuni Madrid grandi safarda «Betis»ga qarshi o‘ynaydi.













