«Portu» «Tottenxem»ning chap qanot himoyachisi Joau Souzani ijara asosida o‘z safiga qo‘shib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Portugaliyaning O Jogo nashri va insayder Fabrisio Romano xabar berdi.
O Jogo ma’lumotiga ko‘ra, «ajdarlar» 20 yoshli braziliyalik futbolchini ijaraga olish bo‘yicha «Tottenxem» bilan kelishuvga yaqinlashgan. Fabrisio Romano esa tomonlar transfer bo‘yicha barcha masalalarni allaqachon kelishib olganini ma’lum qildi.
Gap bir yillik bepul ijara haqida ketmoqda. Bitimda futbolchini keyinchalik sotib olish huquqi ko‘zda tutilmagan. «Portu» Souzaga «Tottenxem» bilan shartnomasi asosida to‘lanadigan maoshni to‘liq o‘z zimmasiga oladi.
Futbolchi bilan shaxsiy shartlar ham kelishib olingan.
«Portu» Joau Souzani u hali «Santos» safida o‘ynagan davrdan buyon kuzatib kelgan. Portugaliya klubining aynan hozir transferni amalga oshirish qaroriga nigeriyalik himoyachi Zaidu Sanusining jarohati ham ta’sir qilgan. U taxminan ikki oyga safdan chiqqan.
«Tottenxem» Souzani 2026 yil yanvarda «Santos»dan 15 million yevroga xarid qilgan edi. Biroq shundan buyon braziliyalik futbolchi London klubi safida atigi 4 ta uchrashuvda maydonga tushdi.
Kutilishicha, Souza 31 avgust, dushanba kuni transferni yakunlash uchun Portu shahriga yo‘l oladi.













