«Barselona»ning sobiq futbolchisi va skautlar guruhida ishlagan Boyan Krkich Gabriel Jezus kataloniyaliklar safida katta muvaffaqiyatga erishishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Kutilishicha, Jezus dushanba kuni Barselonaga yetib keladi va yozgi transfer oynasi yopilishi oldidan klubga o‘tish jarayonini yakunlaydi. Boyan braziliyalik hujumchini yaxshi biladi — u Jezus «Manchester Siti»da o‘ynagan davrda futbolchi haqida skautlik hisobotlari tayyorlagan.
«Men uni juda qo‘llab-quvvatlaganman. Hisobotlar juda yaxshi edi. U hali «Siti»da o‘ynayotgan, «Arsenal»ga o‘tishidan oldin ketishi mumkinligi haqida gaplar chiqqan paytda uni ikki marta joyiga borib kuzatganman. Bu faqat mening fikrim emas edi», — dedi Boyan.
So‘nggi mavsumlardagi jarohatlarga qaramay, Krkich Jezusning futbolchilik sifatlariga yuqori baho bermoqda.
«U texnika jihatidan juda kuchli futbolchi. Ikki oyog‘ida ham erkin harakat qiladi, to‘pni yaxshi olib yuradi va tor hududlarda juda tez qaror qabul qiladi.
Gabriel Jezus toza markaziy hujumchi emas. U jarima maydonining turli nuqtalarida paydo bo‘lishi, qanotlarga chiqishi mumkin. Xansi Flik aynan shuni istaydi — futbolchilar doimiy ravishda pozisiya almashib turishini», — dedi u.
Boyan, shuningdek, braziliyalik futbolchining pressing va himoyada ishlash qobiliyatini ham alohida ta’kidladi.
«U juda mehnatkash. Jamoa uchun o‘ynaydi va birinchi pressingda katta hajmda ish bajaradi. Pressing qilish kerak bo‘lsa, u bu ishga to‘liq kirishadi», — dedi Krkich.
Biroq u Jezusni faqat gollar soni bilan baholash noto‘g‘ri ekanini ham qayd etdi.
«U ko‘proq kombinasion o‘yinchi, klassik to‘purar emas. Uning raqamlari hech qachon buyuk goleadorlarnikidek bo‘lmagan, ammo u juda tor hududda ham sheriklari bilan yaxshi kombinasiya qila oladi.
U orqaga tushadi, harakatlanadi, raqib himoya chizig‘ini buzadi va juda tez fikrlab, tez ijro etadi. Uning eng katta kuchi — jamoaviy-kombinasion o‘yini», — dedi Boyan.
Krkichning fikricha, Jezus ayniqsa chuqur himoyalanadigan raqiblarga qarshi «Barselona»ga juda foydali bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, asosiy savol uning jismoniy holati bilan bog‘liq. Jezus og‘ir tizza jarohatidan so‘ng uzoq vaqt muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadi.
«U tiklangan va to‘liq intensivlikda mashg‘ulot qilyapti, ammo unga muntazam mashg‘ulotlar va o‘yinlar kerak», — dedi Boyan.
Uning fikricha, Flik futbolchilarni eng yaxshi holatiga qaytarishni biladi va bu Jezusga ham yordam berishi mumkin.
«Bu — oltin imkoniyat. Unda xarakter bor, maydonda agressiv, tezlikni o‘zgartira oladi va vaziyatni yakunlash sifatiga ega. U klub uchun katta muvaffaqiyatga aylanishi mumkin», — dedi Krkich.













