O‘zbekiston Superligasida avgust oyining eng yaxshi murabbiyi sovrini uchun nomzodlar ro‘yxati e’lon qilindi.
Nomzodlar orasida "Navbahor" ustozi Timur Kapadze eng yuqori natijani qayd etdi. Uning jamoasi avgust oyida 5 ta o‘yin o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozondi. To‘plar nisbati — 13:4.
"Neftchi" bosh murabbiyi Islom Ismoilov qo‘l ostidagi jamoa 5 ta uchrashuvda 3 ta g‘alaba, 1 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat qayd etdi. Farg‘onaliklarning to‘plar nisbati 12:4 ni tashkil qildi.
"Buxoro" ustozi Aleksandr Xomyakov esa avgust oyida mag‘lubiyatga uchramadi. Jamoa 5 ta bahsda 3 marta g‘alaba qozonib, 2 marta durang o‘ynadi. To‘plar nisbati — 11:5.
"So‘g‘diyona" bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev ham nomzodlar safidan joy oldi. Jizzaxliklar 5 ta uchrashuvning 4 tasida g‘alaba qozonib, 1 ta mag‘lubiyat qayd etdi. Jamoaning to‘plar nisbati 9:6 bo‘ldi.














