Professional boksning super og‘ir vazn toifasida sobiq Jahon chempioni Tayson Fyuri yana bir sobiq chempion Entoni Joshua bilan uzoq kutilgan jang Nyu Yorkdagi “Madison Square Garden” arenasida o‘tkazilishini tasdiqladi.
Britaniyalik ikki bokschi o‘rtasidagi jangning aniq sanasi hali belgilanmagan. Biroq bahs noyabr kunida o‘tkazilishi kutilmoqda. Fyuri va Joshua bellashuv bo‘yicha shartnomani Saudiya Arabistoni Ko‘ngilochar tadbirlar boshqarmasi rahbari Turki al ash-SHayx bilan imzolagan.
“Qanday joy, qanday arena va qanday jang”, deya yozdi Fyuri ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Jangning AQSHda o‘tkazilishi ayrim muxlislarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Ular ikki britaniyalik bokschi o‘rtasidagi bahs Buyuk Britaniyada, masalan, “Uembli” stadionida o‘tkazilishi kerakligini ta’kidladi.
38 yoshli Fyuri professional boksda 39 ta jang o‘tkazib, ularning 35 tasida g‘alaba qozongan. “Lo‘lilar qiroli” faqat ikki marta mag‘lubiyatga uchragan va bitta jangi durang bilan yakunlangan. U mutlaq Jahon chempionligi uchun kechgan ikkita bahsda ukrainalik Oleksandr Usikka imkoniyatni boy bergan.
Fyuri 2024 yil dekabrida Usikka mag‘lub bo‘lganidan so‘ng faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgandi. Biroq Tayson 2026 yil yanvarida ringga qaytishini ma’lum qildi va ikkita g‘alabaga erishdi (Arslanbek Mahmudov va Marius Vax).
Fyuri va Joshua o‘rtasidagi jangni tashkil etishga avval ham bir necha bor urinishlar bo‘lgan. 2021-yilda tomonlar kelishuvga erisha olmagan. O‘sha paytda AQSH sudi Fyurining Deontey Uaylder bilan uchinchi jang o‘tkazishi kerakligi haqida qaror chiqargan edi.
Avvalroq super og‘ir vazn toifasida sobiq Jahon chempionlari, britaniyalik Tayson Fyuri (35-2-1) va Entoni Joshua (29-4) 2026-yilning to‘rtinchi choragida o‘zaro to‘qnash kelishi haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Fyuri Joshua bilan jang tashkil etilmasa, faoliyatini yakunlashini bildirgan.













