"Barselona" 18 yoshli misrlik hujumchi Hamza Abdelkarim bilan shartnoma shartlarini yaxshilash ustida ishlamoqda. SPORT ma’lumotiga ko‘ra, kataloniyaliklar futbolchining yozgi tayyorgarlikdagi yorqin o‘yinidan keyin unga bo‘lgan qiziqish ortib ketishidan xavotir olgan.
Abdelkarim mavsumoldi yig‘inlarida 5 ta o‘yinda 4 ta gol urib, "Barselona"ning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Shunga qaramay, La Liganing dastlabki ikki turida u maydonga tushirilmadi. Ispaniya matbuoti buni futbolchining shartnomasidagi tovon puli atigi 15 mln yevro ekani bilan bog‘lamoqda. Klub uning badalini 150 mln yevrogacha oshirishni rejalashtirgan.
Biroq Abdelkarim 31 avgust kuni "Rayo Valyekano"ga qarshi bahsda asosiy jamoa safida rasmiy debyut qilishga ulgurdi. Hansi Flik uni uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida Rafinya o‘rniga maydonga tushirdi. Shu tariqa, u "Barselona" tarixida rasmiy o‘yinda qatnashgan ilk misrlik futbolchi bo‘ldi.
Hamzaning amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan. "Barselona" uni yozda "Al-Ahli"dan 1,5 mln yevro va bonuslar evaziga to‘liq sotib olgan edi. Yangi kelishuvda maosh ham oshirilishi kutilmoqda.
Rejaga ko‘ra, Abdelkarim "Barsa Atletik"da qoladi, biroq asosiy jamoa mashg‘ulotlarida qatnashishda davom etadi. Flik ham yosh forvard ko‘proq imkoniyatga loyiq ekanini ta’kidlagan.













