Kamerun futbol federasiyasi prezidenti Samyuel Eto’O UYEFA Afrika futboli duch kelayotgan muammolarni to‘liq tushuna olmasligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida FIFA Jahon chempionati translyasiya va tijoriy huquqlarini sotish uchun FIFA Forward Enterprise (FFE) nomli yangi tijoriy tuzilma tashkil etishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgan edi.
Keyinchalik Infantino futbol konfederasiyalarining tanqidi va UYEFA a’zosi bo‘lgan mamlakatlarning JCHni boykot qilish ehtimoli ortishi fonida bu g‘oyadan voz kechdi. Shundan so‘ng ayrim Yevropa futbol federasiyalari 2027 yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidentligi saylovida Infantino nomzodini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi.
«Biz yevropaliklar bilan hech qachon voqealarga bir xil nuqtai nazardan qaray olmaymiz. Byudjeti 150 ming yevro bo‘lgan ayrim federasiyalar katta davlatlar bilan qanday raqobat qila oladi?
Hech kim Afrika federasiyalari rahbarlari o‘z mamlakatlarida futbolni qanday boshqarayotganini so‘ramaydi. Agar iqtidorli futbolchilar xorijga ketsa, ayb bizga yuklanadi. Ammo Kamerun yiliga 20 yoki 40 million dollarlik byudjetga ega bo‘lganida, albatta, bizda ham o‘z Mbappe va Tchuameni bo‘lar edi. Futbolimizni yaxshiroq tashkil qilgan bo‘lardik», — dedi Eto’O L’Equipe nashriga bergan intervyusida.













