«Arsenal», «Barselona» va Fransiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Tyerri Anri FIFA atrofidagi mojarolar fonida futbolchilarni o‘z ta’sir kuchidan faolroq foydalanishga chaqirdi.
«Futbolchilar o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq ta’sir kuchiga ega. Agar ular o‘zgarishlarni xohlashsa, bunga erisha oladilar — ayniqsa hozir», — deya Anrining so‘zlarini The Guardian keltirdi.
So‘nggi vaqtlarda FIFA jiddiy tanqidlarga uchramoqda. Tashkilot prezidenti Janni Infantino turnirning tijoriy huquqlarini sotishga uringani haqidagi xabarlardan so‘ng FIFAga bosim yanada kuchaydi.
Anri futbolchilar birgalikda harakat qilsalar, jiddiy o‘zgarishlarga erisha olishlarini ta’kidladi.
«Ba’zida ular shunchaki bu kuchdan foydalanmaydilar yoki o‘z ta’sirlari qanchalik katta ekanini anglamaydilar. AQSHda siz buni yaxshi bilasiz: futbolchilar nimagadir erishishni xohlashsa, liga ularning fikriga quloq tutadi. Biz buni NBA va NFLda ko‘rganmiz», — deya qo‘shimcha qildi fransuz.
FIFA prezidenti saylovi 2027 yil 18 martga belgilangan. Infantino 2016 yildan beri ikki marta qayta saylangan va har safar unga raqib bo‘lmagan.













