O‘zbekiston Superligasining 20-turida "Navbahor" o‘z maydonida "Lokomotiv" bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuv statistikasi namanganliklarning bir qator asosiy ko‘rsatkichlarda ustunlik qilganini ko‘rsatadi.
xG bo‘yicha "Navbahor" raqibidan qariyb uch barobar yuqori natija qayd etdi — 1,63 ga 0,55. Mezbonlar raqib darvozasi tomon 16 marta zarba yo‘lladi, "Lokomotiv" esa 7 ta zarba bilan javob qaytardi.
Biroq aniq zarbalarda vaziyat boshqacha: "Navbahor"ning 16 zarbasidan faqat 2 tasi darvoza sohasiga borgan. "Lokomotiv" esa 7 ta urinishdan 3 tasini aniq amalga oshirdi.
To‘p nazoratida katta farq kuzatilmadi — 51 foizga 49 foiz. Paslar aniqligi "Navbahor"da 73, "Lokomotiv"da 70 foizni tashkil qildi.
Vaziyat yaratish borasida esa mezbonlarning ustunligi yaqqol: kalit paslar 13:3, burchak zarbalari 7:4.
Shunga qaramay, "Navbahor" ustunligini g‘alabaga aylantira olmadi. Husayn Norchayevning birinchi bo‘limdagi goliga "Lokomotiv" 72-daqiqada Jasur Yaxshiboyev orqali javob qaytardi — 1:1.













