AQSHning Nyu York shahrida tennis bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi mavsumning so‘nggi musobaqasi — US Open turniri davom etmoqda. Unda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan tennischilar Kamilla Rahimova va Mariya Timofeeva o‘z yurishlarini ikkinchi va uchinchi bosqichda to‘xtatdi.
Jumladan, Kamilla Rahimova yakkalik bahslarida 1/32 final bosqichiga qadar yetib borib, o‘z hisobiga 290 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofot puli hamda 130 reyting ochkosini yozdirib qo‘ydi.
O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Mariya Timofeeva esa 1/64 final bosqichidagi ishtiroki uchun 190 ming AQSH dollari hamda 70 reyting ochkosiga ega bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Mariya Timofeeva belgiyalik Elise Mertensga 2:6, 6:7 hisobida imkoniyatni bergan bo‘lsa, Kamilla Rahimova dunyoning birinchi raqamli raketka ustasi, belaruslik Arina Sabalenkaga 3:6, 4:6 hisobida mag‘lubiyatga uchrab, musobaqani tark etishgan edi.
Ma’lumot uchun, US Open mavsumdagi “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi so‘nggi turnir hisoblanadi. Musobaqa 13 sentyabr kuni yakunlanadi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 108 million dollarni tashkil etadi.
Ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarining amaldagi g‘olibi belaruslik Arina Sabalenka hisoblanadi.













