«Barselona» La Liganing 4-turidan o‘rin olgan «Valensiya»ga qarshi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Amaldagi chempion uchun safarda o‘tadigan bahs yakshanba kuni bo‘lib o‘tadi.
Sport nashri ma’lumotiga ko‘ra, «ko‘k-anorranglilar» bosh murabbiyi Hans-Diter Flik tarkibda rotasiya qilishni rejalashtirgan. Mutaxassis jamoaning ayrim asosiy futbolchilariga dam berishni istamoqda.
Bunga asosiy sabab — «Barselona»ning Chempionlar ligasidagi yangi mavsumdagi ilk uchrashuvi. Kataloniyaliklar 9 sentyabr, chorshanba kuni Niderlandiyaning «Feyenoord» klubiga qarshi maydonga tushadi.
«Barselona» Ispaniya chempionatining dastlabki uch turida 9 ochko jamg‘argan.













