Kirish Ro'yxatdan o'tish
10/09 19:00 Dinamo 1-0 Qizilqum
10/09 19:00 Andijon 2-1 Qo‘qon-1912
10/09 20:00 Xorazm 0-0 So‘g‘diyona
10/09 21:45 Fenerbaxche 1-1 Roma
10/09 21:45 PSV 1-1 Shaxtyor
10/09 23:59 Man. Yunayted 4-0 Sabah
10/09 23:59 Bavariya 5-0 Bude-Glimt
10/09 23:59 Komo 4-1 RB Leypsig
10/09 23:59 Slaviya 2-3 Lans
11/09 19:00 Lokomotiv - Mash’al
11/09 19:00 Buxoro - Navbahor

Madriddagi yangi qaror "Real" aktivlari qiymatini keskin oshirishi mumkin

Madriddagi yangi qaror "Real" aktivlari qiymatini keskin oshirishi mumkin

Baho:
+ | -

Madrid shahar kengashi "Real"ning sport shaharchasi atrofidagi 448 ming kvadrat metr yer maydoni maqomini o‘zgartirishni ma’qulladi. Bu qaror klubga tegishli Valdebebasdagi yerlar qiymatini sezilarli oshirishi mumkin.

Hozir sport maqsadlari uchun mo‘ljallangan ushbu yerlar taxminan 70 million yevroga baholanadi. Yerlar daromad keltiruvchi qurilish maydoni maqomini olgach, ularning qiymati qariyb 360 million yevrogacha yetishi mumkin. Bu esa taxminan 290 million yevrolik qo‘shimcha qiymat degani.

Biroq bu summa darhol "Real" hisobotlarida 290 million yevro foyda yoki sof aktivlar o‘sishi sifatida aks etmaydi. Klub ushbu qiymatdan amalda foydalanishi uchun yerni sotishi yoki xususiy kompaniyalar bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

Madrid meri Xose Luis Martines-Almeyda ilgari surgan loyiha doirasida ushbu hududda mehmonxonalar, shifoxonalar va ofis binolari qurishga ruxsat berilishi mumkin.

Almeydaning ta’kidlashicha, loyiha faqat "Real"ga emas, balki butun shaharga foyda keltiradi. Xususan, yangi yashil hududlar va jamoat ob’ektlari barpo etilishi rejalashtirilgan.

Loyiha Valdebebas hududini keng ko‘lamli qayta rivojlantirish dasturining bir qismi hisoblanadi. Bu yerda Yevropadagi eng yirik savdo markazi bo‘lishi aytilgan majmua ham qurilishi kutilmoqda. Hudud "Real" homiylaridan biri bo‘lgan yangi "Formula-1" trassasiga ham yaqin joylashgan.

"Real" loyihadan tezkor moliyaviy daromad kutmayapti. Barcha siyosiy va shaharsozlik jarayonlari muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda ham qurilish ishlari eng kamida 2030-yillarning oxirigacha tugallanmasligi mumkin.

Xabarlarga ko‘ra, klub ushbu loyiha keyingi 40 yil davomida taxminan 300 million yevro daromad keltirishi mumkin deb hisoblamoqda. Boshqa variant sifatida qiymati oshgan aktivlarning bir qismini sotish klubga tezroq moliyaviy foyda keltirishi mumkin.

Shu bilan birga, reja mahalliy aholi orasida qarshilikka ham uchradi. Fuqarolar sentyabr oyi davomida rasmiy e’tirozlarini taqdim etishga tayyorlanmoqda.

Ularning ta’kidlashicha, hududda o‘rta maktab, sport markazi, kutubxona va tibbiyot muassasasi kabi asosiy jamoat infratuzilmasi yetishmaydi. Shu bois, birinchi navbatda ana shu ehtiyojlarga e’tibor qaratilishi kerak.

Karmen ismli mahalliy fuqaro turistik turar joylarga urg‘u berilayotganini tanqid qilib, vaqtinchalik turistik apartamentlar haqiqiy mahalla shakllanishiga yordam bermasligini aytgan.

Muxolifat ham loyihani keskin tanqid qilmoqda. Mas Madrid vakili Sara Ladra uni "yirik moliyaviy imtiyoz" deb atab, bu amaliyot "Real"ga katta sovg‘a bo‘lishini va davlat byudjetiga yiliga 25 million yevroga tushishi mumkinligini da’vo qilgan.

Ladra ushbu qarorni Florentino Peres bilan bog‘liq ayrim muvaffaqiyatsiz loyihalar, jumladan "Santyago Bernabeu"dagi konsertlar va avtoturargohlar atrofidagi bahslarga kompensasiya sifatida ham talqin qilgan.

Manuela Karmena ma’muriyati davrida Madrid shahar kengashining mulk masalalari bo‘yicha rahbari bo‘lgan iqtisodchi Karlos Sanches ham loyihaga qarshi chiqmoqda.

Sanches avval shahar hokimiyatida ishlagan paytida ushbu loyiha bilan shug‘ullangan va uni rad etgan. Uning fikricha, yer maqomini o‘zgartirish xususiy tashkilotga davlat yordami sifatida baholanishi mumkin.

U masalani ko‘rib chiqish uchun Yevropa parlamentiga ham olib chiqqan. Sanchesning ta’kidlashicha, qayta rejalashtirish yetarlicha asoslanmagan, chunki Madridda shifoxona, ofis va mehmonxonalar qurish uchun foydalanilmayotgan katta yer maydonlari allaqachon mavjud.

Sanches, shuningdek, so‘nggi 50 yilda shunga o‘xshash davlat bilan bog‘liq operasiyalardan "Real" boshqa klublarga nisbatan ko‘proq manfaat ko‘rganini, jumladan "Barselona"ga nisbatan to‘rt barobar ko‘p mablag‘ olganini da’vo qilgan.

Kiritildi: 16:53, 06.09.2026.
O'qildi: 1023 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик