«Inter» prezidenti Beppe Marotta «Barselona» yozda Lautaro Martines transferi bo‘yicha Italiya klubiga murojaat qilganini tasdiqladi.
Marotta DAZN Italia'ga bergan intervyusida «Inter» kataloniyaliklarning taklifini rad etgani va ham klub, ham Lautaro hamkorlikni davom ettirishni istaganini ta’kidladi.
«Lautaro Martines — jamoa sardori. U “Inter”ning buguni va kelajagini ifodalaydi», — dedi Marotta.
Klub rahbari, shuningdek, o‘tgan mavsumda A Seriya chempionligi qo‘lga kiritilganidan keyin ham g‘oliblik ruhiyatini saqlab qolish muhimligini ta’kidladi.
29 yoshli argentinalik futbolchi «Inter» sardori hisoblanadi va klub bilan amaldagi shartnomaga ega. «Neradzurri» uni jamoaning kelajagidagi asosiy futbolchilardan biri sifatida ko‘rmoqda.













