«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta APLning 3-turida «Chelsi»ga qarshi o‘tgan uchrashuvdan so‘ng matbuot vakillariga fikr bildirdi. «Kanonirlar» bahsda 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
«Golni qanday o‘tkazib yuborganimizdan juda xafa bo‘ldim. Biz bu haqda gaplashdik. Raqibga, shuningdek, vaziyatdan foydalangan Morgan Rojersga munosib baho berish kerak. Ammo goldan keyin qanday javob qaytarganimiz va qanday o‘ynaganimiz — uchrashuvni juda zavqli qildi.
Birinchi daqiqadan oxirgi daqiqagacha jamoamizning qanday o‘ynashi va kurashishini tomosha qilish katta zavq bag‘ishladi. Futbolchilar sovuqqonlik, xarakter ko‘rsatdi va raqib darvozasi oldida doimiy xavf yaratdi. Ayrim futbolchilarning individual o‘yini ham juda yorqin bo‘ldi.
Stadiondagi muhit aql bovar qilmas darajada edi — bu o‘ziga xos kecha bo‘ldi. Bugun o‘yinimizda yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarildik. Hujumda yanada ko‘proq dinamika, xavf, maqsadga intiluvchanlik va agressivlikni ko‘rdingiz», — deya Artetaning so‘zlarini Sky Sports keltirdi.
Mutaxassisdan «Arsenal» bu o‘yini bilan raqiblariga jiddiy signal yubordimi, deb so‘rashdi.
«Ha. Bu uchrashuv menga juda yoqdi. Rostini aytsam, jamoaning birinchi daqiqadan oxirgi daqiqagacha qanday o‘ynashi va kurashishini kuzatish ajoyib zavq edi», — dedi Arteta.
«Arsenal» 9 ochko bilan turnir jadvalida 2-o‘rinda bormoqda. «Manchester Siti» ham 9 ochko jamg‘argan.













