Professional boksning super og‘ir vazn toifasida sobiq Jahon chempioni Tayson Fyuri yana bir sobiq chempion Entoni Joshua bilan uzoq kutilgan jang bekor bo‘lganini ma’lum qildi.
Ikki bokschi o‘rtasidagi super og‘ir vazn toifasidagi jang 2026-yilning eng yirik boks voqealaridan biri bo‘lishi kutilayotgandi. Biroq tomonlar jangni o‘tkazish joyi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erisha olmadi.
Fyurining so‘zlariga ko‘ra, Joshua jangni o‘tkazishdan bosh tortgan. U avvalroq bahsni Nyu-YOrkdagi “Madison Square Garden” arenasida tashkil etish mumkinligini qo‘llab-quvvatlagan edi.
Joshua va uning promouteri Eddi Xirn esa jangni Buyuk Britaniyada o‘tkazish tarafdori bo‘lgan. Xususan, “Uembli” stadionida jang tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilgani xabar qilingan.
Avvalroq, Fyuri va Joshua o‘rtasidagi bahs noyabr oyida bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Ammo jang sanasi va manzili rasman tasdiqlanmagandi.
Shu bilan birga, Fyuri yana ukrainalik Oleksandr Usik bilan uchinchi jang o‘tkazish istagini bildirdi. Usik avvalgi ikki bahsda britaniyalik bokschi ustidan g‘alaba qozongan.
Hozircha Joshua jamoasi Fyurining jang bekor bo‘lgani haqidagi bayonotiga rasmiy munosabat bildirmadi. Shu sababli tomonlar o‘rtasidagi muzokaralarning yakuniy taqdiri hozircha noma’lumligicha qolmoqda.
Ma’lumot uchun, 38 yoshli Fyuri professional boksda 39 ta jang o‘tkazib, ularning 36 tasida g‘alaba qozongan. “Lo‘lilar qiroli” faqat ikki marta mag‘lubiyatga uchragan va bitta jangi durang bilan yakunlangan. U mutlaq Jahon chempionligi uchun kechgan ikkita bahsda ukrainalik Oleksandr Usikka imkoniyatni boy bergan.
36 yoshli Joshua professional boksda 34 ta jang o‘tkazib, ularning 30 tasida g‘alaba qozongan (27 tasini nokaut bilan). Britaniyalik sobiq jahon chempioni 4 marta mag‘lubiyatga uchragan. U o‘z faoliyati davomida Endi Ruiz, Oleksandr Usik (2 marta jang) va Daniel Dyubua kabi bokschilarga imkoniyatni boy bergan edi.
Bundan tashqari, Fyuri Joshua bilan jang tashkil etilmasa, faoliyatini yakunlashini bildirgan.













