Chorshanba kuni «PSJ» Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 1-turida o‘z maydonida «Slovan»ni qabul qiladi. UYEFA rasmiy saytida ushbu uchrashuv uchun hakamlar tayinlovi e’lon qilindi.
Parijdagi bahsni Ukrainadan bo‘lgan hakamlar brigadasi boshqaradi. Uchrashuv bosh hakami — Nikolay Balakin. Unga qanotlarda Aleksandr Berkut va Viktor Matyash yordam beradi. To‘rtinchi hakam vazifasini ham ukrainalik Dmitriy Panchishin bajaradi.
VAR tizimida angliyalik Maykl Solsberi, AVAR sifatida esa sloveniyalik Matey Yug ishlaydi.
So‘nggi yillarda ayrim ukrainalik futbolchilar yevrokubok o‘yinlarida rossiyalik futbolchilar bilan uchrashganda qo‘l berib ko‘rishishdan bosh tortgan holatlar kuzatilgan. Biroq hakamlar maydonda maksimal darajada betaraf bo‘lishi talab etiladi.
«PSJ»ning asosiy tarkibida Rossiya terma jamoasi darvozaboni Matvey Safonov yana maydonga tushishi kutilmoqda.













