«Barselona» prezidenti Joan Laporta kataloniyaliklar uchun joriy mavsumdagi asosiy maqsad Chempionlar ligasida g‘olib chiqish ekanini aytdi.
«Bu yilgi asosiy maqsad — Chempionlar ligasi, bu aniq. Biz Ispaniya chempionati va kubok musobaqalarida ham g‘olib chiqishni xohlaymiz, ammo Chempionlar ligasi, shubhasiz, bizning asosiy ustuvor vazifamiz», — deya Laportaning so‘zlarini Fabrisio Romano keltiradi.
«Barselona» so‘nggi marta Chempionlar ligasini 2014/15 mavsumida qo‘lga kiritgan. O‘sha mavsum finalida kataloniyaliklar «Yuventus»ni 3:1 hisobida mag‘lub etgan edi.
Shundan buyon «Barselona» biror marta ham musobaqa finaliga yetib bormagan.
Kataloniyaliklar 9 sentyabr kuni Chempionlar ligasining yangi mavsumini o‘z maydonida «Feyenoord»ga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi.













