Maurisio Pochettinoning fikricha, 2016/17 yilgi Angliya Premyer-ligasi chempionligi «Chelsi»dan olinib, o‘sha mavsumda ikkinchi o‘rinni egallagan «Tottenxem»ga berilishi kerak.
O‘sha mavsumda Pochettino boshqargan «Tottenhem» 86 ochko bilan ikkinchi bo‘lgan va Antonio Konte boshchiligidagi «Chelsi»dan 7 ochko ortda qolgan.
Biroq 2022 yilda klub Roman Abramovichdan yangi egalarga o‘tgach, «Chelsi» 2011–2018 yillarda transferlar jarayonida ro‘yxatdan o‘tmagan agentlar va vositachilarga yashirin ravishda jami 47 million funt to‘langanini tan olgan. Klub rahbariyati Angliya Futbol assosiasiyasi qoidalari buzilgan 74 ta holatni ham mustaqil ravishda ma’lum qilgan.
«Biz Premyer-ligada g‘olib bo‘lishimiz kerak edi. Agar bu haqiqat bo‘lsa, o‘sha yili chempionlikka aynan biz loyiq edik. Ular jazolandi va aybini tan oldimi? Unda hammasi aniq. Titul ikkinchi o‘rinni egallagan jamoaga berilishi kerak.
Albatta, ular gol urdi va o‘yinlarda g‘alaba qozondi, deyish mumkin. Ammo mavsum boshlanishidan oldin biz teng sharoitda emasdik. Agar hamma bir xil qoidalarga amal qilganida, balki biz ham jamoani kuchaytiradigan yoki ko‘proq gol urishimizga yordam beradigan futbolchilarni xarid qilgan bo‘lardik.
Men haqiqatni aytishdan zarracha ham qo‘rqmayman. «Chelsi» muxlislari mendan xafa bo‘lishi mumkin. Ammo agar «Tottenxem» qoidalarni buzganida ham xuddi shu gapni aytgan bo‘lardim», — dedi Pochettino.













