2027 yil 1 yanvardan e’tiboran jahon futbolida transferlar bo‘yicha yangi qoidalar to‘liq kuchga kiradi. Xalqaro futbol assosiasiyalari federasiyasi (FIFA) va FIFPRO (Futbolchilar kasaba uyushmasi) birgalikda islohot o‘tkazyapti.
Ushbu islohotlar asosan futbolchilarning huquqlarini himoya qilish, klublar o‘rtasidagi nizolarga barham berish va transfer bozoridagi shaffoflikni oshirishga qaratilgan.
Yozgi transfer mavsumida ko‘plab shov-shuvli bitimlar imzolandi, ularning ba’zilari muxlislar va mutaxassislar o‘rtasida savollarni ham yuzaga keltirdi. Yangi qoidalar jarayonni yanada shaffof qilishga qaratilgan.
1 yanvardan boshlab transfer bozorida kuchga kiradigan yangi qoidalar
Futbolchining transfer summalaridan ulush olishi
Shu paytga qadar transfer summasidan futbolchining ulush olishi majburiy emas edi va bu asosan klublar va agentlar kelishuviga bog‘liq bo‘lgan. Endilikda yillik maoshi 150 000 dollargacha bo‘lgan futbolchilar xalqaro transferda sotilganda, transfer summasining kamida 5 foizini ularga berish majburiy bo‘ladi.
Futbolchining o‘zi bu summadan voz kechishni istagan taqdirda ham, baribir unga bitim summasining yoki o‘tgan mavsumdagi yillik maoshi miqdorining 2,5% dan kam bo‘lmagan miqdorda pul to‘lanishi kerak bo‘ladi.
Shartnomani bir tomonlama buzganlik uchun jazo
Eski qoidalarga ko‘ra, shartnomani asossiz buzgan futbolchi yoki klubga nisbatan darhol qat’iy sanksiyalar (futbolchini o‘yindan chetlatish, yangi klubga transfer taqiqi) qo‘llanilgan. Bu esa ko‘plab mojarolarga sabab bo‘ldi. O‘zbek klublari ichida ham bunday muammoga duch kelganlari yetarlicha topiladi. FIFA endi bunga o‘zgartirish kiritadi. Endilikda avtomatik ravishda qat’iy jazolar qo‘llash o‘rniga har bir holat alohida o‘rganiladi. Birinchi qoidabuzarlik uchun ogohlantirish va jarima beriladi, transfer taqiqi faqat qoidalar qayta buzilganda qo‘llaniladi.
Yangi klubning birgalikdagi javobgarligi
Avvallari shartnomani bir tomonlama buzgan futbolchini sotib olgan yangi klub bilvosita "aybdor" deb topilib, tovon puli to‘lashga majbur qilingan va unga transfer taqiqi qo‘yilishi mumkin edi. Endilikda asossiz ayblashga chek qo‘yiladi. Yangi klub avtomatik tarzda javobgar bo‘lmaydi. U faqat futbolchini shartnomani ataylab buzishga undagani isbotlangan taqdirdagina jazo oladi.
Yosh futbolchilar shartnomasi
Shu paytga qadar 18 yoshga to‘lmagan futbolchilar bilan ko‘pi bilan 3 yillik professional shartnoma imzolashga ruxsat berilgan edi. Endilikda klub o‘z akademiyasida kamida 20 oy davomida tarbiyalangan iqtidorli yoshlar bilan 5 yilgacha bo‘lgan shartnomalar imzolashi mumkin bo‘ladi.
Kelishuvlar va to‘lovlar shaffofligi
Ko‘p hollarda klublar va agentlar o‘rtasidagi aksariyat qo‘shimcha bitimlar va norasmiy hujjatlar nazoratdan chetda qolar edi. Yangi qoidalarga ko‘ra, transferga oid barcha parallel bitimlar va qo‘shimcha hujjatlar FIFA maxsus platformasiga kiritilishi shart bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tmagan kelishuvlar o‘z kuchini yo‘qotadi va jarimaga tortiladi.
Transfer majburiyatlari bo‘yicha to‘lovlar kechiktirilgan taqdirda, yiliga 8% miqdorida foizlar undiriladi va nizolar Futbol tribunali tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Bu o‘zgarishlar futbolga qanday ta’sir qiladi?
Yangi qoidalar futbolchilarning huquqlarini ko‘proq himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, hujjatbozliklar ularning faoliyatiga sun’iy g‘ov bo‘lishining oldini oladi. Maoshi yuqori bo‘lmagan o‘yinchilar transferlardan ulush olib, moliyaviy barqarorlikka erishadi.
Shuningdek, klublar va akademiyalar uchun rag‘bat paydo bo‘ladi. O‘z akademiyasidan chiqqan iqtidorlarni 5 yillik shartnoma bilan uzoqroq muddatga olib qolish imkoniyati yaratiladi.
Yashirin to‘lovlar va shubhali bitimlarga chek qo‘yiladi.
Ko‘plab mutaxassislar yangi qoidalar futbol olamida adolat, shaffoflik va o‘yinchilarning mehnat huquqlarini ta’minlash yo‘lidagi eng katta qadamlardan biriga aylanishini ta’kidlamoqda.













