Kamerun Futbol Federasiyasi (FECAFOOT) prezidenti Samuel Eto'O Rossiya va Kamerun terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi uchun ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirgani haqidagi ayblovlarga javob berdi.
Funksioner ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bayonot berib, o‘ziga nisbatan bildirilayotgan tanqidni Afrika manfaatlarini himoya qilayotgani bilan bog‘ladi.
«Manfaatlarimizni, Afrika manfaatlarini himoya qilib chiqishim bilanoq, ularning barchasi darhol faollashdi.
Xuddi oldindan buyurtma berilgandek — aynan o‘sha hujumlar, aynan o‘sha fikrlar deyarli bir vaqtning o‘zida ular yollagan jurnalistlar tomonidan tarqatila boshladi.
Agar kimdadir biz gapirayotgan voqealarning haqiqiyligiga hali ham shubha qolgan bo‘lsa, mana sizga yana bir yaqqol misol.
Bizga doimo demokratiya haqida ta’lim beradiganlar, afrikalik o‘z fikrini erkin bildirib, o‘z qarashlarini himoya qilsa va sukut saqlashdan bosh tortsa, bu holatni ancha yomon qabul qiladiganga o‘xshaydi.
Biz gapirish huquqiga egamiz. Biz o‘z manfaatlarimizni himoya qilish huquqiga egamiz. Biz futbolimiz manfaatlaridan kelib chiqib o‘ylash va qaror qabul qilish huquqiga egamiz», — deb yozdi Eto'O.
Avvalroq Kamerun Futbol Federasiyasining sobiq rahbarlari Eto'Oni o‘rtoqlik uchrashuvi uchun kelib tushgan 500 ming yevrodan ortiq mablag‘ni maqsadsiz ishlatganlikda ayblagan edi.
Rossiya va Kamerun terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 2023 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan va Rossiya terma jamoasining 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Yagona golga Fyodor Chalov mualliflik qilgan.













