Angliya terma jamoasining sobiq himoyachisi Rio Ferdinand «uch sherlar» terma jamoasi va «Bavariya» hujumchisi Xarri Keynni mavsumning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan «Oltin to‘p» mukofotining asosiy da’vogari deb hisoblamoqda.
«Bir mavsumda 73 ta gol. Bir mavsum davomida Xarri Keyndan faqat Lionel Messi ko‘proq gol urgan. U «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritdi. Yana kim, do‘stim? Yana kim? Keyndan boshqa kim “Oltin to‘p”ni yutishi kerak? Beshta eng kuchli ligada bitta klub safida 100 ta golni eng tez urgan futbolchi. Bunday futbolchi bitta — Xarri Keyn», — dedi Ferdinand «Bavariya»ning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida joylangan videoda.
2026 yilgi «Oltin to‘p» mukofotini topshirish marosimi 26 oktyabr, dushanba kuniga rejalashtirilgan. Tadbir Londonda bo‘lib o‘tadi.













