«Real» Madrid Ispaniya chempionati La Liganing shanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvida «Rayo Valyekano»ni 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
Madridliklar himoyachisi Alvaro Karreras jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qildi. U raqib jarima maydonida Kilian Mbappe bilan devorcha usulida paslashib, to‘pni darvozaga yo‘lladi. Uchrashuvdan so‘ng Karreras ijtimoiy tarmoqda Mbappega murojaat qildi.
«Bernabeuda qanday ajoyib kecha! Jamoa juda yaxshi va birdamlik bilan o‘ynadi, har bir futbolchi katta kuch sarfladi. Sovg‘a uchun rahmat, do‘stim Kilian Mbappe», — deb yozdi Karreras.
Shuningdek, aynan Karreras Mbappe golga aylantirgan penaltini ishlab bergan edi. Uchrashuvdagi birinchi gol ham shu penalti orqali urilgan.
«Real» Madrid La Liganing mavsumdagi beshta uchrashuvidan so‘ng 12 ochko jamg‘ardi.













