O‘zbekistonlik professional bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev The Ring nashriga instervy berdi. U WBA yo‘nalishi bo‘yicha super o‘rta vazn toifasi chempioni Xayme Munguya bilan jang o‘tkazish masalasida noroziligini bildirdi. Meliqo‘ziyev meksikalik bokschini jangdan qochayotganlikda aybladi.
“Bek Bully” (17-1, 11 ta nokaut) ayni paytda WBA chempionlik kamari uchun majburiy da’vogar hisoblanadi. Biroq u Munguya (46-2, 35 ta nokaut) qarshi chempionlik jangini o‘tkazish imkoniyatini hali qo‘lga kirita olmayapti. Xayme 2026 yilning may oyida Armando Resendisni hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub etib, WBA Super chempionlik kamarini qo‘lga kiritgandi.
Meliqo‘ziyevning ta’kidlashicha, u WBA reytingida majburiy da’vogar maqomini ringdagi natijalari orqali qo‘lga kiritgan. Shu sababli chempionlik jangi navbati aynan unga tegishli bo‘lishi kerak.
“WBA nega o‘z qoidalariga amal qilmayotganini tushunmayapman. Rasmiy majburiy da’vogar bor va chempion kamarini aynan shu bokschiga qarshi himoya qilishi kerak”, dedi Meliqo‘ziyev.
O‘zbekistonlik bokschi Xayme Munguyaga avval boshqa raqib bilan jang qilish imkoniyatini berishga tayyorligini, biroq undan keyin chempionlik jangi o‘ziniki bo‘lishi kerakligini aytdi.
“Biz har doim qoidalarga amal qilamiz. Reytingda ham aynan shu qoidalar asosida yuqorilab boramiz. Ammo nihoyat o‘zimiz ishlab topgan imkoniyatni olish vaqti kelganda, qoidalarga amal qilinmayapti”.
Meliqo‘ziyev majburiy da’vogar maqomini ringdagi g‘alabalari orqali qo‘lga kiritganini alohida ta’kidladi:
“Men bu pozisiyani ringda qo‘lga kiritdim. Bu jang menga kafolatlangan edi. WBA ham, Golden Boy ham menga bu imkoniyat berilishini bildirgan”.
Bektemirning fikricha, ayni paytda Xayme Munguya bilan jang super o‘rta vazn toifasidagi eng qiziqarli to‘qnashuvlardan biri bo‘lishi mumkin.
“U jang qilishni yaxshi ko‘radi, men ham jang qilishni yaxshi ko‘raman. Bu haqiqiy urush bo‘ladi”, deya ta’kidladi bokschi.
Meliqo‘ziyev jangni 31 oktyabr kuni Saudiya Arabistonida Kanelo Alvares va Kristian Mbilli o‘rtasidagi jang oqshomida o‘tkazishni ham taklif qilgan.
O‘zbekistonlik bokschi Munguyani mag‘lub eta olishiga ishonishini yashirmadi.
“U ajoyib bokschi. Doimo oldinga intiladi va ringga chiqqanida haqiqiy jang qiladi. Ammo men ham xuddi shundayman. Uni mag‘lub etish uchun menda barcha imkoniyatlar borligiga ishonaman”.
Meliqo‘ziyevning so‘nggi jangi fevral oyida bo‘lib o‘tgan. U o‘sha jangda Sena Agbekoni yettinchi raundda nokautga uchratgan.
Hozir esa Bektemir navbatdagi jangini o‘tkazmay, majburiy da’vogarlik maqomini kutmoqda. Uning fikricha, boshqa jangda tavakkal qilib, mag‘lubiyatga uchrash va shu orqali chempionlik imkoniyatini xavf ostiga qo‘yish mantiqsiz.
“Men boshqa barcha bokschilarni hurmat qilaman. Ammo hozir mening vaqtim. Bu mening imkoniyatim. Men bunga erishdim”, deya fikrini yakunladi Meliqo‘ziyev.
Ma’lumot uchun, 30 yoshli Bektemir Meliqo‘ziyev professional boksda 18 ta jang o‘tkazib, ularning 17 ta g‘alaba qozongan. 1 marta mag‘lubiyatga uchragan va 11 ta jangni muddatidan avval yakunlagan. U WBA super o‘rta vazn toifasida chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan biri hisoblanadi.













