O‘zbekiston Kubogi 1/8 finali doirasida «Andijon» Pro liga a’zosi — «Olimpik Mobiuz» jamoasini qabul qildi. Asosiy vaqt 2:2 hisobida yakunlandi. Ekstra-taymlarda ham hisob o‘zgarmadi. Penaltilar seriyasida esa maydon egalari 5:4 hisobida g‘alaba qozondi va chorak finalga chiqdi.
Penaltilar seriyasida raqibning so‘nggi zarbasini qaytargan darvozabon Eldor Adhamov tabiiyki, uchrashuv qahramoniga aylandi. Uchrashuvdan keyin darvozabon bir qator savollarga javob qaytardi.
— O‘yin haqidagi taassurotlaringiz qanday bo‘ldi?
— Qiyin bo‘lishini bilardik. Chunki bunday jamoalarga qarshi avvalo «nastroy» qilishning o‘zi qiyin. Boz ustiga, «Olimpik Mobiuz» yoshlardan tashkil topgan, yaxshi loyiha. Terma jamoalarga nomzodlarni yetkazib beradi. U yerdagi barcha futbolchilar iqtidorli yigitlar. Qarshi hujum xavfli bo‘lishini bilib turgandi. Ammo birinchi bo‘limda umuman muammo bo‘lgani yo‘q. Ikkita gol urganimizdan keyin, menimcha, g‘alaba qozondik, deb o‘ylab biroz bo‘shashdik. Erta xotirjamlikka berilganimiz evaziga ikkita gol o‘tkazib yubordik.
Ammo o‘zimizni tez qo‘lga olib, yana hujum qilishni boshladik. So‘nggi daqiqagacha raqibni xavf ostida ushlab turdik. Ammo omadimiz kelmadi. G‘alaba baribir penaltilar seriyasiga yozilgan ekan, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi.
— Yakunda o‘yin qahramoniga aylandingiz. Penaltilar seriyasidagi so‘nggi zarbada qutqardingiz. O‘sha holatni qanday izohlagan bo‘lardingiz?
— O‘shanda raqib futbolchisining ko‘ziga qarayotganimda biroz hayajonlanayotganini bildim va burchakka tepa olmaydi, deb o‘yladim. Bunday holatda ko‘pchilik tavakkal qilishga qo‘rqadi. Qayerga tepishini o‘yladim. Hatto, so‘nggi lahzada ham to‘p darvozaga kirib ketyapti, deb o‘yladim. Xudoga shukr, reaksiya bo‘lib, oyog‘im bilan qaytardim.
— Penaltilar seriyasida aksariyat zarbalarning yo‘nalishini topgandingiz. Qolaversa, zarba berishdan oldin raqib futbolchilariga ham nimadir dedingiz...
— Bu mening shaxsiy sirim. Nimalardir deyish ko‘p narsani hal qilmaydi. Hammasi Xudodan. Bu shunchaki futbolchilarni chalg‘itish uchun ishlatiladigan oddiy narsa. Ko‘pincha futbolchilarning muvozanatini yo‘qotishiga sabab bo‘lib, ish berib qoladi. Zarba berayotgan so‘nggi futbolchi hayajonlanib qoldi.
— Jamoa 2:0 hisobida oldinda edi, keyin hisob tenglashdi. Ekstra-taymlar va penaltilar seriyasi. O‘yindan oldin bunday reja umuman bo‘lmagan bo‘lsa kerak...
— Yo‘q, hattoki uyga qaytish uchun samolyotga bilet ham olib qo‘ygandim, chunki osonlik bilan yutamiz, deb o‘ylagandik. Hammasi kuyib ketdi. Lekin yana bir marta bizga dars bo‘ldi. Aslida raqibga yengil qaramagandik. Faqat 2:0 dan keyin biroz bo‘shashdik.
— «Andijon» chorak finalga chiqdi. Qaysi raqibni kutyapsiz?
— Kuchliroq raqib bo‘lsa ham yaxshiroq bo‘lardi. Chunki bugungidek raqiblarga qarshi «nastroy» qilish qiyinroq.
— 20 sentyabr kuni «Nasaf»ga qarshi o‘tadigan o‘yin oldidan nima degan bo‘lardingiz?
— Bir kun dam bo‘ladi. Bu umuman boshqacha o‘yin bo‘ladi. Mahoratli o‘yinchilarga ega. Bunday paytda xohlaysizmi-yo‘qmi, azart qattiq uyg‘onadi. Xudo xohlasa, g‘alaba qozonib, muxlislarni xursand qilamiz.













